2019 yil 9 avgust kuni O‘zbekiston Milliy kutubxonasi Mediamarkazida Axborot-kutubxona muassasalari mutaxassislarini kasbiy malakasini oshirish bo‘yicha masofaviy o‘qitish tizimini yaratishga hamda Bolalar va yoshlarni o‘qishga jalb qilish uchun eng yaxshi metodik ishlanma/loyiha bo‘yicha Respublika tanloviga bag‘ishlangan brifing tashkil etildi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi hamda tegishli vazirlik va idoralar mutasaddi rahbarlari, O‘zbekiston Milliy kutubxonasi mutaxassislari va OAV vakillari ishtirok etdilar.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi Kitob savdosi va axborot-kutubxona resurslari bo‘limi boshlig‘i V.Xamidov brifing ishtirokchilarini qutladi va ularni axborot-kutubxona muassasalari mutaxassislarini kasbiy malakasini oshirish bo‘yicha masofaviy o‘qitish tizimi mohiyati haqida batafsil ma’lumot berib o‘tdi. “Axborot-kutubxona xodimlari o‘quv kurslarining yangi shakllari joriy qilish, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini qo‘llagan holda axborot-kutubxona mutaxassislarini malakasini oshirish masofadan amalga oshirilishi ko‘zda tutilmoqda. Mutaxassislarni masofadan malakasini oshirish kurslari maxsus o‘quv dasturi asosida olib boriladi. O‘zbekiston Milliy kutubxona mutaxassislari tomonidan o‘quv kursining o‘quv dasturi, mashg‘ulotlarni tasvirga olish jadvali, ma’ruzalar matni, har bir mavzu bo‘yicha test va o‘quv rejasi ishlab chiqildi. Masofadan o‘qitish tizimiga Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar axborot-kutubxona markazlari mutaxassislari jalb qilinib, o‘quv mashg‘ulotlari interaktiv usulda amalga oshiriladi. Interaktiv usulda amalga oshirilishi rejalashtirilgan masofaviy o‘quv kurslari mavzulari sohaning dolzarb yo‘nalishlariga qarab bosqichma-bosqich ko‘paytiriladi va o‘quv mashg‘ulotlariga mutaxassislarni jalb qilish oshirilishi ko‘zda tutilgan.”, - deya xabar berdi V.Xamidov.
Brifingda Toshkent shahar “Bilim” axborot-kutubxona markazi direktori H.Karimova so‘zga chiqar ekan, ushbu o‘quv kursi tashkilotchilariga minnatdorligini bildirib, o‘quv kursi haqida o‘z fikrlarini bayon qildi. “Axborot-kutubxona muassasalari mutaxassislarini kasbiy malakasini oshirish bo‘yicha masofaviy o‘qitish tizimi viloyat axborot-kutubxona markazlarining mutaxassislari uchun samaralidir. Ular o‘z ish joylaridan ajralmagan holda masofaviy oylayn malaka oshirish imkoniyatiga ega bo‘lishadi, bu albatta ham vaqt, ham mablag‘ni tejaydi. Malaka oshirishga ehtiyoji bo‘lgan axborot-kutubxona mutaxassislari sonini ko‘paytiradi, bir vaqtning o‘zida barcha kutubxonachilar onlayn malaka oshirish va o‘qish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Masalaning ijobiy tarafini o‘rgangan holda, salbiy taraflar ham kelib chiqadi. Masalan, axborot-kutubxona markazlarida moddiy-texnik bazaning yetishmasligi, internet tezligi pastligi onlayn o‘quv tizimida uzilishlar bo‘lishi mumkin”, - dedi u.
Shuningdek tadbir ishtirokchilari tomonidan o‘quv kursini tamomlagan va yakuniy nazorat test sinovini muvaffaqiyatli topshirgan tinglovchilarga beriladigan sertifikat qanday kuchga ega bo‘lishi, nomutaxassisligi bo‘lgan axborot-kutubxona mutaxassislarini qayta tayyorlash masalasi haqida savollar berildi.
Tadbir ishtirokchilari o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga javob oldilar va brifing tashkilotchilariga minnatdorlik bildirdilar.
Salom! Muvaffaqiyatli o'yin videosi!
ReplyDeleteAfro-Osiyo kubogida O'zbekiston 1995 yilda Nigeriyaga qarshi bahs olib borgan.
https://youtu.be/w4FT6nV2YzM