2019 yil 1 iyul kuni O‘Zbekiston Milliy kutubxonasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi aholisiga axborot-kutubxona xizmati ko‘rsatilishini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi Qarorining mazmun-mohiyati hamda ahamiyatiga bag‘ishlangan brifing bo‘lib o‘tdi. Brifingda soha mutaxassislari va OAV vakillari ishtirok etdilar.
O‘zbekiston Milliy kutubxonasi direktori U.Teshaboeva brifing ishtirokchilarini qutladi va ularni mazkur qarorning mohiyati bilan tanishtirdi. “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan ilgari surilgan 5 ta muhim tashabbus ichida aholi, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida kitobxonlikni keng targ‘ib qilish masalasiga davlat siyosati darajasida ahamiyat qaratilmoqda. Davlatimiz rahbarining 2019 yil 7 iyun kuni qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasi aholisiga axborot-kutubxona xizmati ko‘rsatilishini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi PQ-4354-qarori qabul qilinishi mazkur tashabbusda keltirilgan kitobxonlikning hamda yoshlarning ma’naviy tarbiyasini shakllantirishda mutolaaning ahamiyatini yanada mustahkamlab bermoqda. Bugunga qadar sohamizga doir bir qancha qarorlar chiqqan, oxirgisi 2017 yil 13 sentabrdagi “Kitob mahsulotlarini nashr etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ibot qilish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturi to‘g‘risida”gi PQ-3271-son qarori nashriyotlar va kitob tarqatish tizimini ham qamrab olgan bo‘lsa, bugungi qaror aynan kutubxonachilik sohasiga qaratilgan.
Mazkur qaror bilan 2019 — 2024 yillarda O‘zbekiston Respublikasida axborot-kutubxona sohasini rivojlantirish Konsepsiyasi tasdiqlandi va 2019 — 2024 yillarda O‘zbekiston Respublikasida axborot-kutubxona sohasini rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi dasturi ishlab chiqildi”, - deya xabar berdi U.Teshabaeva.
Toshkent shahar “Bilim” axborot-kutubxona markazi direktori H.Karimova mazkur qarorda kutubxona ishini bosqichma-bosqich tashkil etish belgilanganini alohida aytib o‘tdi. “Qarorning ahamiyatli jihati shundaki, unda aholiga axborot-kutubxona xizmati ko‘rsatishni yanada takomillashtirish, axborot-kutubxona muassasalari faoliyatini rivojlantirishga yo‘naltirilgan aniq vazifalarning belgilanganligidadir. Zero, aholiga axborot-kutubxona xizmatlari ko‘rsatishda me’yoriy – huquqiy bazani takomillashtirish, davlat-xususiy sheriklik faoliyatni yo‘lga qo‘yish, xususiy va elektron (virtual) kutubxonalar tarmog‘ini kengaytirish, elektron kitoblar tarqatishga ixtisoslashgan internet-resurslar bilan hamkorlikni kengaytirish, kitoblar fondini yaxshi saqlanishini ta’minlash kabi vazifalarni bajarish orqali kutubxona xizmati faoliyatini jahon andozalari darajasiga ko‘tarish mumkin.
Qarorga asosan tasdiqlangan 2019 — 2024 yillarda O‘zbekiston Respublikasi axborot-kutubxona sohasini rivojlantirish Konsepsiyasisi respublika axborot-kutubxona sohasini rivojlantirishning maqsadlari, vazifalari, tamoyillari, ustuvor yo‘nalishlari va mexanizmlarini belgilovchi qarashlarning yagona va bir butun tizimini o‘zida aks ettiradi.
Unda ko‘rsatilgan axborot-kutubxona sohasini rivojlantirishning maqsad va vazifalari ijtimoiy-iqtisodiy sohalarni isloh qilish sharoitlarida mamlakatda kechayotgan o‘zgarishlar va xalqaro amaliyotga muvofiq bo‘lishini ta’minlaydi. Ushbu Konsepsiya fuqarolarning ijtimoiy holati va yashash joyidan qat’i nazar, axborotni erkin olish huquqini o‘rnatuvchi, axborot-kutubxona faoliyatini hamda madaniyat sohasidagi siyosatni tartibga soluvchi me’yoriy-huquqiy hujjatlarga muvofiq, respublikada axborot-kutubxona faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlar tizimini belgilash maqsadida ishlab chiqilgan”, - dedi H.Karimova.
No comments:
Post a Comment